» » » MAFKURAVIY IMMUNITET TIZIMINING ASOSIY UNSURLARI

MAFKURAVIY IMMUNITET TIZIMINING ASOSIY UNSURLARI

Nashr ma`lumotlari:    //Мамлакат Тараққиёти  ёшлар нигоҳида // мавзусида
“2017-йил – Ҳалқ билан мулоқот ва инсон манфаатлари йили”га бағишланган
иқтидорли талаба-ёшларнинг 1-илмий –амалий конференцияси материаллари
To‘plamni yuklash uchun havola:
 To’plam


MAFKURAVIY IMMUNITET TIZIMINING ASOSIY UNSURLARI


Тalaba: М.I.Zoirova (ТDAU)
Ilmiy rahbar: О.А.Оstonov (ТDAU)


Hozirgi davr - bunyodkor va buzg’unchi g’oyalarning o’zaro kurashi kuchayganligini alohida etirof etish lozim. Nima uchun kishilar ongi va qalbi uchun kurash turli mafkuralarning bosh maqsadiga aylanib qoldi? Gap shundaki, muayyan g’oya tom ma’noda g’oya bo’lishi uchun kishilar ongini egallashi, to’g’rirogi ularning qalbidan joy olishi shart. Aks holda u yoki bu g’oya faqat muayyan xabar yoki axborot sifatida saqlanib qoladi, xolos. Boshqacha aytganda, omborxonadagi keraksiz buyumlar kabi ongimizning bir chetidan joy egalab yotaverishi mumkin.
Bir so’z bilan aytganda, bunday holatda g’oya shaxs uchun hech qanday ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lmaydi. G’oya faqatgina inson qalbini egallaganda, inson ma’naviy-ruhiy holatining uzviy qismiga aylangandagina harakatga da’vat etuvchi, rag’batlantiruvchi kuchga, harakat uchun qo’llanmaga aylanadi. SHuning uchun ham bugungi kunda nafaqat inson ongini, balki qalbini ham egallash mafkuraviy kurashning bosh maqsadi bo’lib qolmoqda.
Mafkuraviy ta’sir va tahdidlar haqida gap ketar ekan, ularni aniqlash, baholash, xususiyatlarini yaqqol ko’rsatish uchun O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov tomonidan ilmiy muomalaga bir qator tushunchalar kiritilganligini qayd etish lozim. Ular qatorida «mafkuraviy immunitet», «mafkuraviy profilaktika» kabilar bor. Ana shu tushunchalarning mazmuni oydinlashtirilganda hozirgi dunyoda kechayotgan mafkuraviy jarayonlarning xarakterini yanada yakqolroq tasavvur qilish imkoni tug’iladi.
Yer yuzining turli mintaqalari xalqlarining ongi va qalbi turli g’oyalarni sinash maydoniga, boshqacha aytganda mafkuraviy poligonga aylantirilmoqda. Xo’sh, mafkuraviy poligon deganda nimani tushunamiz? Poligon (grek. serqirra degan ma’noni bildiradi) harbiy termin ekanligiga o’rganib qolganmiz. Odatda poligon deganda qurol-aslaha va texnikani sinash, qo’shinlarni harbiy tayyorgarlikdan o’tkazish yoki harbiy sohada mashk va tadqiqotlar olib borish uchun mo’ljallangan maxsus maydon tushuniladi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mafkuraviy poligonlarning xususiyatlari haqida nima deyish mumkin? Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, o’zga hududlarni zabt etish maqsadida ishlatiladigan urush qurollari uzluksiz takomillashib borganini ko’ramiz. U nayzalardan toki avtomatik qurollargacha, zambaraklardan to yer yuzining har qanday nuktasiga bexato yetib boradigan qit’alararo ballistik raketalargacha bo’lgan uzoq takomil yo’lini bosib utdi. Bu qurollar bosib olinishi kerak bo’lgan hududlar aholisini jismonan yo’q qilishga qaratilgan edi. Bugungi kunda esa, o’zga hududlarni zabt etish uchun ularning aholisini yo’qotish shart emas. Zero, ongi va shuuri zabt etilgan, qarash va kayfiyatlari «ma’qul» yo’nalishga o’zgartirilgan aholi ko’magida har qanday boylik, tabiiy resurslarga egalik qilish mumkin bo’lib qolmoqda.
Mamlakatimiz ichida o’zlarining g’ayriislomiy g’oyalarini tarqatishga harakat qilgan Rimsalar ana shunday g’arazli maqsadlarni, ya’ni odamlar, Ayniqsa yoshlarni chalg’itish, ular yordamida mamlakatni o’z taraqqiyot yo’lidan chetlatib yuborishni ko’zda tutgan edilar. Chet ellarda ana shunday «ta’lim» olgan vahhobiylar, shuningdek «xizbut taxrir»chilarning yoshlarimiz ongini zaharlash yo’lidagi harakatlarini ham aynan shunday baholash mumkin.
Mafkura poligonlarida sinovdan o’tayotgan, mohiyatan g’ayriinsoniy bo’lgan g’oyalarga qarshi tura olish uchun aholida mafkuraviy immunitet hosil qilish lozim Avvalo, insonning ko’plab xususiyatlari tug’ma bo’lsa, mafkuraviy immunitetni shakllantirish, shakllantirib borish zarur. Ikkinchidan, u har bir avlod uchun o’ziga xos xususiyatga ega bo’ladi. Uchinchidan, immunitet tizimi shakllangandagina mafkuraviy daxlsizlikni ta’minlash mumkin (immunitetga ega bo’lmagan chaqaloqlarning uzoq yashay olmasligini eslaylik).
Xo’sh, mafkuraviy immunitet tizimi o’z ichiga nimalarni oladi? Mafkuraviy immunitet tizimining asosiy va birinchi unsuri, bu bilimdir. Ammo, bilimlar ko’p. Masalan, buyuk davlatchilik shovinizmi yoki agressiv millatchilik mafkurasi va amaliyoti tarafdorlari ham muayyan «bilim»larga tayanadilar va uni boshqalarga singdirishga harakat qiladilar. Shunday ekan, bir tomondan mafkuraviy immunitet tizimidagi bilimlar obyektiv bo’lishi, voqelikni to’g’ri va to’liq aks ettirishi, inson ma’naviyatining boyishiga va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim. Ikkinchi tomondan, bu bilimlar o’z mohiyat e’tiboriga ko’ra, Vatan va xalq manfaatlari, umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligi bilan uzviy bog’liq bo’lmog’i kerak.
Mafkuraviy immunitet tizimining ikkinchi asosiy qismi ana shunday bilimlar zamirida shakllanadigan qadriyatlar tizimidir. Zero, bilimlar qanchalik obyektiv va chuqur bo’lsa, uning zamirida yuzaga kelgan qadriyatlar ham shunchalik mustahkam bo’ladi. Bir so’z bilan aytganda, shaxs, millat yoki davlatning qadriyatlar tizimi mafkuraviy immunitetning imkoniyatlarini belgilab beradi va mafkuraviy tajovuzlar qarshisida mustahkam kalqon bo’lib xizmat qiladi.
Ammo, bilimlar va qadriyatlar tizimi ham mafkuraviy immunitetning mohiyatini to’liq ifoda eta olmaydi. Zero, bu ikki unsur mafkuraviy immunitetning uchinchi muhim unsuri, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy-ma’rifiy sohalardagi aniq mo’ljal va maqsadlar tizimi bilan bog’liq. Ya’ni har bir kishi kabi, xalq, davlat va jamiyatning ham aniq maqsadi bo’lishi shart. Shu bilan birga bu maqsad anglangan, uni amalga oshirishda sobitqadamlik darkor. Ana shunday aniq tizim bo’lmas ekan, xoh alohida inson, xoh millat yoki jamiyat bo’lsin, goh oshkora, goh pinhona ko’rinishdagi mafkuraviy tazyiqlarga bardosh berish amrimaholdir.
Bunday mafkuraviy immunitet tizimini shakllantirishda mafkuraviy profilaktikaning o’rni katta. Zero, u o’z mohiyatiga ko’ra, yot g’oyalarning kirib kelishining oldini olish va ularni yo’qotishga qaratilgan chora - tadbirlar majmuini o’z ichiga oladi. Demak, mafkuraviy profilaktika xilma-xil shakllarda ijtimoiy institutlar tomonidan amalga oshiriladigan g’oyaviy-tarbiyaviy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy ishlar majmuini, bir so’z bilan aytganda, bu sohada to’g’ri tashkil etilgan ta’lim-tarbiya tizimini qamrab oladi.
«Millat bor ekan, milliy davlat bor ekan, uning mustaqilligi va erkinligiga, an’ana va urf-odatlariga tahdid soladigan, uni o’z ta’siriga olish, uning ustidan hukmronlik qilish, uning boyliklaridan o’z manfaati yo’lida foydalanishga qaratilgan intilish va harakatlar domiy xavf sifatida saqlanib qolishi muqarrar», - deb yozadi 1-Prezidentimiz. Shunday ekan, voyaga yetayotgan har bir farzand ma’naviy barkamol, irodasi bakuvvat, iymoni butun, bir so’z bilan aytganda, kuchli mafkuraviy immunitetga ega shaxs sifatida tarbiyalash ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishning asosiy shartlaridan biri bo’lib qolaveradi.
Adabiyotlar:
1. O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. -T.: «O’zbekiston», 2014.
2. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka, tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. T.6.-T.: «O’zbekiston», 1997.
3. Karimov I.A. Jamiyat mafkurasi xalqni - xalq, millatni - millat qilishga xizmat etsin. T.7.-T.: «O’zbekiston», 1999.
4. Jo’raev N. Mafkuraviy immunitet. -T.: «Ma’naviyat», 2000.
скачать dle 11.3
Kalit so'zlar:

24-10-2017, 15:36 3 640 0

Izohlar


Kommentariya qo'shish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив